1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Quvasoy shahar hokimi o‘rinbosari Alisher Mamajonov hamda shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Nasibaxon Mo‘minova uzoq yillar ta’lim tizimida fidokorona mehnat qilgan faxriy ustozlar xonadonlariga tashrif buyurishdi.
Ular nafaqadagi ustozlarning holidan xabar olib, ularni bayram bilan qutladilar. Ustozlarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi xizmatlari yuksak ehtirom bilan tilga olindi. Ayniqsa, yosh avlodni barkamol inson qilib tarbiyalashda ularning fidoyi mehnati, sabr-toqati va tajribasi alohida ta’kidlandi.
Shu kuni faxriy ustozlarning xonadonlariga “Faxriy ustoz xonadoni” maqomi berildi. Bu esa nafaqat ularning ta’lim sohasiga qo‘shgan ulkan hissasini yod etish, balki kelgusi avlodga ustozlarga bo‘lgan hurmat va ehtirom namunasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ustozlarga bo‘lgan ehtirom – xalqimizning asrlar davomida shakllangan ulug‘ qadriyatidir. Bugun esa bu qadriyat Prezidentimiz tashabbuslari bilan yanada mustahkamlanib, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagoglarga munosib sharoitlar yaratilib, faxriy ustozlar doimo hurmatda bo‘lib kelmoqda.