“Jasorat maktabi” o‘quvchilarining tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi
Quvasoy shahar 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida tashkil etilgan “Jasorat maktabi”ga joriy yilda o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilarning tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda shahar hokimligi, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, o‘quvchilarning ota-onalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olganlar Prezidentimiz tashabbusi asosida mamlakatimiz hududlari bo‘ylab tashkil etilgan "Jasorat maktablari" tom ma’noda navqiron avlodni vatanparvarlik, o‘z taqdirini shu yurt taqdiri bilan hamohang ko‘rish ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidlashdi. Maktabga qabul qilingan o‘quvchilarni samimiy qutlab, o‘qish va mashg‘ulotlarda zafarlar, yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilishlarida omad tiladilar.
Umumta’lim maktablari uchun harbiy vatanparvarlik yo‘nalishida tayanch maktab etib belgilangan maskan o‘quvchilari shu kuni Vatanimizga munosib farzand bo‘lish, sidqidildan xizmat qilish uchun tantanali va’da berdilar.