Farg‘ona tumanida Xalq deputatlari Kengashi doimiy komissiyalari qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Farg‘ona tumanida Ettinchi chaqiriq Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi 8-sessiyasiga kiritilishi tavsiya etilayotgan masalalarni ko‘rib chiqish, shuningdek, deputatlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida doimiy komissiyalarning qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda 2025-yilning birinchi choragi yakuni bo‘yicha Farg‘ona tumanida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, tumandagi tashkilotlar rahbarlarining hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi faoliyati, aholining murojaatlari bilan ishlash holati, jinoyatchilikni qisqartirish va korrupsiyani oldini olish borasida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama markazida bo‘ldi. Shuningdek, Xalq deputatlari Farg‘ona tumani Kengashi huzurida Yoshlar maslahat guruhini tashkil qilish taklifi, tuman mahalliy byudjeti harajatlar manbaiga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, 2025-yilning birinchi choragi yakunida shakllangan qo‘shimcha byudjet manbalaridan oqilona foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Farg‘ona tumani Bolalar masalalari bo‘yicha tuman komissiyasining 2024-yil yakuni va 2025-yilning birinchi choragi davomida amalga oshirgan faoliyatiga ham alohida e‘tibor qaratildi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan Farg‘ona tuman prokurori, adliya maslahatchisi Oybek Toshpo‘latov, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Otabek Abduraximov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Akmaljon Xasanov, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tuman bo‘limi boshlig‘i Umidjon Yuldashev hamda Farg‘ona tumani Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Anvarjon Yusupov tomonidan tegishli hisobotlar taqdim etildi.
Yig‘ilish davomida deputatlar, sektor rahbarlari va boshqa mas‘ullar muhokama etilgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, tegishli tavsiyalar berishdi.