Farg‘ona tumanida sayyor navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi
Farg‘ona tumanidagi 55-umumiy o‘rta ta‘lim maktabida Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining tergov sudyasi Xislatjon Kukonboev raisligida ma‘muriy huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Sayyor sud majlisi davomida tuman hududida so‘nggi vaqtlarda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari, shuningdek, transport vositasini spirtli ichimlik iste‘mol qilgan holda boshqargan haydovchilarga nisbatan ochilgan ma‘muriy ishlar ko‘rib chiqildi.
Xususan, sud majlisida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan, voyaga etmagan shaxsning mast holda avtomobil boshqarganligi holati yuzasidan rasmiylashtirilgan ma‘muriy ish hujjatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, mazkur huquqbuzarlik uchun voyaga etmagan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 131-moddasi 2-qismi asosida bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida jarima jazosi belgilandi.
Majlis davomida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda oilaning o‘rni, yoshlar o‘rtasida profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, voyaga etmaganlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Mazkur sayyor sud majlisi huquqiy targ‘ibot ishlari doirasida o‘tkazilib, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga, yoshlar orasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.