Quvasoylik xotin-qizlarga e’zoz va e’tibor ko‘rsatildi
Quvasoy shahridagi Do‘stlik MFY da joylashgan 13-sonli “Yoshlik” madaniyat markazida 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayol borki – olam munavvar” shiori ostida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov boshchiligidagi sektor rahbarlari ishtirok etgan bayram tantanasida quvasoylik onaxonlarga, opa-singillarga yana bir bor yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.
“Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim o‘rin va mavqega ega. Hurmatli Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, yurtimizda “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi”, degan ezgu qarash hayotimiz qoidasiga aylanishi uchun barchamiz birgalikda harakat qilamiz. Shahrimiz ayollarining munosib taqdirlanib kelinayotganligi, albatta, bizlarni quvontiradi” - dedi shahar hokimi o‘z nutqida.
So‘z olganlar yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalishlar davlat siyosati darajasida ekanligiga e’tibor qaratdilar.
Tadbir davomida shahar ijtimoiy hayotida va turli jabhalarda faollik hamda tashabbuskorlik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh faol xotin-qizlarga viloyat va shahar hokimligining tashakkurnomalari, esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Xalqimizning sevimli xonandalari hamda elimiz ardog‘idagi xushovoz san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi barchaga ko‘tarinkilik ulashdi va yodda qolarli taassurotlarni tuhfa etdi.