“Tashabbusli byudjet” tibbiyotni raqamlashtirishda ham ko‘makchi bo‘ldi
O‘zbekiston tumanida "Tashabbusli byudjet" loyihasi asosida olib borilayotgan tadbirlar hududlar ijtimoiy va iqtisodiy holatini yanada mustahkamlash, mavjud muammolarni qisqa muddatda hal etishda manzilli yechimi sifatida xizmat qilmoqda.
Loyihaning joriy yilgi 1-mavsumi doirasida tuman tibbiyot birlashmasining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga oid taklif ham ilgari surilgan bo‘lib, ushbu tashabbus eng ko‘p ovozlardan yig‘di va g‘olib deb topildi.
Natijada, birlashma tasarrufidagi davolash muassasalari va bo‘limlari foydalanish uchun jami qiymati qariyb 1 mlrd 500 mln so‘m bo‘lgan 200 dona zamonaviy kompyuter jamlanmalari hamda 50 ta printer jihozlari bilan ta’minlandi.
Mazkur tashabbus albatta, sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, tibbiyot muassasalarida axborot tizimlaridan foydalanish va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.