ISTE’DODLI YOShLAR E’TIBORDA
2019-11-28 15:25:36 256
Butun respublikamizda bo’lgani kabi Quvasoy shahrida ham hokimlik va daxldor tashkilotlar tomonidan yoshlarni, jumladan, iste’dodli va ijtimoiy ko’makka muhtoj o’g’il-qizlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ularning intilish va orzulariga qanot bag’ishlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa, o’z navbatida, nafaqat viloyat, balki respublika miqyosidagi rasmiy mehmonlar e’tiborini tortmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi o’rinbosari, O’zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa’dullaev, viloyat hokimi o’rinbosari Dilfuza Qosimova hamda shahardagi barcha sektor rahbarlari Quvasoy shahridagi 90-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga tashrif buyurishdi.
Mehmonlar bu erda o’quvchi yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish davomida mazkur ta’lim maskanida ommalashtirishga loyiq talay ishlar borligini ham e’tirof etishdi.
Tashrif davomida shahardagi 29-umumta’lim maktabi 4-sinf o’quvchisi Alijon Aliev va 7-umumta’lim maktabi 3-sinf o’quvchisi Hayotjon Maqsudjonovlar xonadonida ularning ota-onalari, yaqinlari bilan bo’lib o’tgan samimiy suhbat ham tomonlar uchun yodda qolarli bo’ldi, deyish mumkin. Shu kuni bilimga chanqoq bu ikki yoshga O’zbekiston yoshlar etakchisi tomonidan zamonaviy kompyuter jamlanmasi hadya qilindi.
Quvasoy shahar hokimligi Axborot xizmati.