DAVLAT ORGANLARI VA TASHKILOTLARIDA GENDERGA OID AUDIT OʻTKAZILADI
2022-12-19 14:48:55 230
Qonun (OʻRQ–809, 15.12.2022 y.) bilan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi
Shunga koʻra, qonunga quyidagi yangi tushunchalar kiritildi:
genderga oid audit – davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini, shuningdek genderga doir kompleks yondashuvni oʻrganish va baholash;
genderga doir kompleks yondashuv – davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻz faoliyatini, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishni xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tashkil etish;
Genderga oid auditning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
▫️davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbatini oʻrganish;
▫️davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyatini genderga doir kompleks yondashuv asosida tashkil etganligi holatini oʻrganish;
▫️xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi qonunchilikning ijro etilish holatini baholash;
▫️xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
Genderga oid audit tasdiqlangan uch yillik rejaga asosan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida oʻtkaziladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram