Mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini o‘tkazish bo‘yicha seminar tashkil etildi
Mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini o‘tkazish bo‘yicha seminar tashkil etildi
Bugun shahar hokimligi majlislar zalida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini o‘tkazish bo‘yicha seminar tashkil etildi. Unda, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hotamjon Ketmonov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Ziyavitdinov, viloyat hokimligi huzuridagi FO‘O‘B organlari xodimlari malakasini oshirish kursi direktori Adhamjon Ahmedov, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Dilorom Mexmonova, saylov o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya a’zolari, Xalq deputatlari shahar Kengashi deputatlari hamda saylov o‘tkazuvchi ishchi guruh rahbarlari va a’zolari ishtirok etdilar.
Fuqarolar yig‘inlari raislarining vakolat muddati 2025-yil may oyida tugashi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasi, “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8- va 12-moddalariga asosan joriy yilning may-iyul oylarida fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi o‘tkazilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, bugungi seminarda saylov o‘tkazish tartibi, komissiya raisi va a’zolarining vazifalari yuzasidan zaruriy ko‘rsatma va tushunchalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, shaharda 31 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi joriy yilning may-iyul oylarida o‘tkaziladi.
Quvasoy shahar hokimligi Axborot xizmati