Shrift o'lchami Rang Rasm

Quvasoy shahar hokimi
To`rakulov Zafarjon Qodirovich


<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 13 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

SHUHRAT G’ANIYEV: OLTIARIQLIK YOSHLARGA UZUMCHILIK KLASTERINI TASHKIL ETISH UCHUN 50 GEKTAR YER VA 2,5 MLRD. SO’M MABLAG’ AJRATILADI

×

 2020-01-16 20:01:17    248

PDF yuklash
Chop etish


Yurtimizda yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 dekabr kuni tashabbuskor yoshlar bilan uchrashuvi ular uchun  katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyevning bu galgi uchrashuvi viloyatning Oltiariq va Rishton tumanining faol, shijoatli, tashabbuskor yoshlar bilan bo’lib o’tdi.

Oltiariq tumanida tashkil etilgan uchrashuv noan'anaviy tarzda tabiat qo’ynida yangi tashkil etilayotgan uzumzorlar maydonida o’tkazildi. Bu yerda “Fayz binokor” fermer xo’jaligi tomonidan yangi uzumzor tashkil etilgan. Uchrashuv ishtirokchilari fermer va bog’bonlarning mehnati va uning samarasini o’z ko’zlari bilan ko’rishdi.

Viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev yosh fermerlar bilan uzum navlari, uning hosildorligini oshirish uslublari va tabiiyki, tashqi bozor masalasida fikr almashdi. Shundan so’ng ular yuzlab oltiariqlik yoshlar bilan yangitdan tashkil etilayotgan 15 gektarli yer maydonida uzum ko’chatlarini ekdilar.

Ma'lumki, bu yil Oltiariqda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tavsiyasi bilan 3 ming gektar yangi uzumzorlar tashkil etilishi lozim. Bu ishda yoshlar faol qatnashmoqchi ekanliklarini bildirishdi.  

-Bog’dorchilik mahsulotlarini yetishtirish hamda tumandagi  uzumchilik klasterlari tarkibida 1 gektar yer maydoni ajratishga ko’maklashsangiz,-deya murojaat qildi  Abdulboriy Holmatov.-Usta bog’bonlardan olgan tajribalarga tayanib, uzumzor bog’ tashkil etish niyatimiz bor.

Yosh bog’bonning taklifi viloyat hokimi tomonidan qo’llab-quvvvatlandi. Unga va  u kabi yoshlarni biriktirgan Yoshlar Ittifoqi tuman bo’limiga uzumchilik klasteri tashkil etish uchun 50 gektar yer maydoni hamda 2,5 mlrd. so’m miqdorida dastlabki mablag’ ajratildi.

Muhammadismoil Nazirov “Zilha” qishlog’idagi “Fayziobod” mahallasida sportning boks turiga qiziqqan yoshlar ko’pligini aytib, boks ringi zarurligini bildirdi. Viloyat hokimi boks sevar yoshlar iltimosini qondirib, ring sotib olish uchun 150 mln. so’m mablag’ ajratdi.

Oltiariq tumanidagi kinoteatr faoliyatini qayta yo’lga qo’yishni taklif etgan Diyora Oripovaning tashabbusini qo’llab-quvvatlash uchun 500 mln.so’m, Azamat Kamolovga sun'iy futbol maydoni qurish uchun yer va imtiyozli kredit, Islombek Mamatojiyev taklifi bilan Oltiariq uzumchilik muzeyini tashkil etish uchun bino ajratiladigan bo’ldi. Uchrashuv chog’i Shuhrat G’aniyev Oltiariq tumanidagi maktablar uchun 200 ta kompyuter sovg’a qildi.   

             *** *** ***

Bugun Farg’ona viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev rishtonlik yoshlar bilan ham uchrashdi. “Ravshan –Keramiks” MChJ mahsulotlari kulolchilikda o’zbek brendiga asos solgan korxonalardan biridir.Hokim bilan uchrashuvga tashrif buyurgan yoshlar dastlab shu korxona faoliyati, bo’sh ishchi o’rinlari bilan tanishdilar. So’ngra korxonaning ko’rgazma zallaridan birida yoshlarning hokim bilan muloqoti boshlandi. 

Dunyoga o’zining kulolchilik buyumlari bilan tanilgan rishtonlik ustalarning faoliyatidan hikoya qiluvchi ko’rgazma barchaning diqqat e'tiborini o’ziga tortdi. Rishton tumani bugun o’zining hunarmandchilik sohasida katta salohiyatga egaligi bilan ajralib turadi. Shu boisdan ham bu yerda kamolga yetayotgan yoshlarning deyarli barchasi yoshligidanoq kasb va hunarning egasi bo’ladi. Bu albatta yaxshi. Lekin uchrashuv davomida viloyat hokimi rishtonlik yoshlar o’z hunarlari bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni “O’zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg’asi bilan dunyo bozoriga olib chiqish haqida gapirdi. Buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi, dedi viloyat hokimi.

-Tumanimizga bugun kelayotgan sayyohlarning sonini yanada ko’paytirish maqsadida “Yoshlar turizm” agentligini tashkil etishni taklif etmoqchiman,-deydi Hayotxon Sanginova.- Bu borada tuman Yoshlar Ittifoqi bilan sohaga oid loyihalarni ishlab chiqqanmiz. Hayotxonning taklifi turizm mutaxassislari tomonidan o’rganib chiqilib, amaliy yordam ko’rsatiladigan bo’ldi.

Rishtonlik yoshlar tomonidan shuningdek, tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratish, tadbirkorlik bilan shug’ullanish uchun yer maydoni olish, ta'lim muassasalarini kompyuter bilan ta'minlashga doir takliflar bildirildi. Yoshlarning barcha taklif va mulohazalari viloyat hokimi tomonidan qo’llab-quvvatlandi va ijro uchun yo’naltirildi.

Uchrashuv so’nggida rishtonlik bo’lgan Qo’qon pedagogika institutining talabalari viloyat hokimiga e'tibor va g’amxo’rlik uchun tashakkur bildirdilar va ular har ishda fidoiy hamda yelkadosh bo’lishga tayyor ekanliklarini izhor etishdi.

Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.