TADBIRKORLARGA DOIMO KO’MAKDOSHMIZ
2020-01-09 15:20:34 254
Farg’ona shahridagi Tadbirkorlar markazida viloyatda tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanish istagini bildirgan tashabbuskorlar bilan amaliy seminar bo’lib o’tdi. Anjumanda viloyat hokimligi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari vakillari, shahar va tumanlarda faoliyat ko’rsatayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash borasidagi ishlarga to’xtalib, tadbirkorlar uchun sharoitlarni yaratib, doimo qo’llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib o’tdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlar yaratilishi natijasida o’tgan yilda viloyatda 7 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub'ektlari tashkil etildi. “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi doirasida 32 ming 572 ta fuqarolarga 574 milliard so’m imtiyozli kredit mablag’lari ajratildi. Shuningdek, chet el banklarining xorijiy kredit liniyalari mablag’lari hisobidan 994 ta loyihalarni moliyalashtirish uchun 80,1 million dollarlik kredit mablag’lari berilgani ham yangi loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Faoliyat ko’rsatmayotgan to’rt mingga yaqin yuridik shaxslar faoliyatini tiklashga erishildi. 3 ming 192 ta tadbirkorlar bilan birma-bir suhbatlar o’tkazilib, elektr, gaz, suv, yer va boshqa masalalardagi muammolarni hal etish orqali faoliyatlari qayta tiklandi. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar tizimli davom etib, tadbirkorlarning tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashga muhim e'tibor qaratilyapti.
Tadbirkorlar bilan tashkil etilgan amaliy seminarda “Biznesga marhamat” o’quv kurslari va mahorat darslari tashkil etildi. Mamlakatimizda tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar, xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma'lumotlar berildi. Xususan, Jahon bankining yangi loyihasi viloyat tadbirkorlariga juda foydali bo’lishi ta'kidlandi.
Ma'lumot uchun aytish lozim, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Farg’ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi agrar sohada iqtisodiy tizimni yanada chuqur isloh qilish, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, qishloq joylarda xizmat ko’rsatish tizimini kengaytirish, shuningdek, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish, Namangan, shuningdek, Andijon va Farg’ona viloyatlarida yangi ish o’rinlarini yaratishni maqsad qilgan.
Mazkur loyiha, qishloq xo’jaligi bilan band kichik va o’rta biznes vakillariga hamda tadbirkorlarga 125 ming AQSh dollarigacha bo’lgan uzoq muddatli imtiyozli kredit taqdim qiladi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini jamlash va eksport qilishni ko’zda tutgan loyihalarga 2 million AQSh dollarigacha bo’lgan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar berilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, anjuman doirasida viloyatdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishildi. Tadbirkorlikni yo’lga qo’yish istagidagi fuqarolar bilan muloqotlar o’tkazilib, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.
M.Qodirov olgan suratlar.