QUVASOY ShAHAR HOKIMI ADHAM TO'XTASINOVICh ZIYAVITDINOVNING ShAHARDAGI TADBIRKORLAR VA IShBILARMONLARGA MUROJAATNOMASI
2019-11-19 18:56:38 257
“HAR BIR TADBIRKORGA-KO'MAKDOSh, ELKADOSh VA MADADKORMIZ!”
Hurmatli tadbirkorlar va ishbilarmonlar! Tadbirkorlar va tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish istagida bo'lgan aziz yoshlar!
Avvalo, ushbu Murojaatnoma orqali shahrimiz kattayu-kichik aholisiga, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari vakillariga va bugungi kunda iqtisodiyotimizning etakchi tarmoqlaridan biri bo'lgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish istagida bo'lgan aziz yoshlarga yuzlanmoqchiman.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yilning 6-7 may kunlari Farg'ona viloyatiga tashrifi chog'ida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida, turmush tarzida ro'y berayotgan o'zgarishlar, echimini kutayotgan muammolar zamiridagi oliy maqsad-aholini, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning ish bilan bandligi, kam ta'minlangan qatlamni tadbirkorlikka jalb etish, turmush farovonligini yuksaltirish masalalariga jiddiy e'tibor qaratgan edilar. Bu vazifalarni bajarishda ishtirok etish har bir quvasoylik uchun faxr bo'lib qolmog'iga ishonaman.
Shahrimizda joriy 2019 yilning o'tgan 10 oyi uchun mahalliy byudjet daromadlari prognoz ko'rsatkichi 80,1 milliard so'm etib belgilangan bo'lib, bu boradagi ko'rsatkichlar 85,4 milliard so'mga bajarilishiga erishildi. Mahalliy byudjetning aniqlangan harajatlar rejasi esa 85,4 milliard so'mga belgilanib, amalda 84,1 millard so'mga bajarildi.
Shuningdek, soliq va boshqa majburiy to'lovlar tushumi
yanvar-oktyabr oylari uchun 180.7 milliard so'm miqdorida belgilangan holda, amalda 199.5 milliard so'mga bajarildi hamda rejaga nisbatan
18,8 milliard so'mdan ziyod miqdordagi mablag' byudjetga qaratildi.
Aholi jon boshiga sanoat mahsuloti 8 706,1 ming so'm, xalq iste'moli mollari 2 611,7 ming so'm, qishloq xo'jaligi mahsulotlari
7 210,1 ming so'm, jami xizmatlar ko'rsatish 1 344,9 ming so'mdan to'g'ri keldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, tashqi savdo aylanmasi
55,6 million AQSh dollarini tashkil etib, shundan 8,8 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.
Ma'lumki, hozirgi kunda tadbirkorlar, o'rta va kichik biznes jahon mamlakatlarida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun asos bo'lib xizmat qiladi. Rivojlangan davlatlarda tadbirkorlik sub'ektlari umumiy korxonalar sonining 90 foizdan ziyodini tashkil etadi va mehnatga layoqatli aholining 50 foizdan ortig'ini ish bilan ta'minlaydi. Jumladan, O'zbekistonda ham mehnat bilan band aholining 76,3 foizi shu sohada faoliyat yuritib kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Joriy yilni Farg'onada sanoatni rivojlantirish va investitsiya olib kirish yili bo'ladi va uni Farg'ona tajribasi deb ataymiz”degandilar. Birgina joriy yilning o'tgan davrida shahar iqtisodiyotiga 6 ta qo'shma korxonalar tomonidan 21,5 mln. AQSh dollari miqdorida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni tadbirkorlar kiritdi.
Bugungi kunda shaharda 16 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi qo'shma korxonalar faoliyat ko'rsatmoqda. Yil yakuniga qadar ularning sonini 18 taga etkazish bo'yicha ishlarni tashkil qilmoqdamiz.
Mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, “Bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash orqali erishish mumkin”.
Ana shu hayotiy haqiqatdan kelib chiqqan holda, shahrimizda ham tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yil 6-7 may kunlari muxtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyovning viloyatimizga tashrifi davomida bergan ko'rsatmalari asosida, shahrimizda 2 ming gektar maydondagi giloschilik kooperatsiyalarini tashkil etish yo'lga qo'yilmoqda. Shahar hokimligi va uning tegishli boshqarma va bo'limlari tomonidan shu kunlarda shahar hududidagi 1350 gektar samarasiz bog' maydonlari, 650 gektar hosildorligi va rentabelligi past darajadagi, ko'p yillardan buyon boshoqli don ekinlari ekilayotgan er maydonlarini qisqartirib, giloschilik yo'nalishida 189 ta fermer xo'jaliklari tashkil etish uchun 2000 gektar er maydonalari tanlab olindi.
Shahar hududidagi fermer xo'jaliklari bog'larida agrotexnik tadbirlar, samarasiz bog'larni buzish, ular o'rnida zamonaviy, intensiv gilos bog'larini tashkil etish orqali eng muhim masalalardan biri – aholini ish bilan band qilish borasida ishlar boshlab yuborildi.
Jumladan, joriy 2019 yilning kuz va kelayotgan 2020 yil bahor oylarida 700 gektar maydonga gilos ekish belgilanib, hozirda 650 gektar er maydonlari tayyorlandi va hozirda “Akademik Mirzaev” nomli bog'dorchilik va uzumchilik ilmiy tekshirish instituti bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Kelgusida 2000 gektar maydonlarda gilos bog'lar barpo etish hisobiga 4 yil davomida o'rtacha 17 ming tonna gilos hosili olish va olingan mahsulotning 10 ming tonnasini to'g'ridan-to'g'ri eksportga yo'naltirish, 5 ming tonnasini esa sanoat usulida qayta ishlashga qaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, etishtirilgan gilos mahsulotini saqlash, saralash, qayta ishlash va eksportga jo'natish bo'yicha logistika markazi tashkil etiladi va buning hisobiga 30,0 million dollarlik gilos mahsulotini eksportga yo'naltirish imkoniyati yuzaga keladi. Eng muhimi, birgina gilos etishtirish va sotish mavsumida 2 ming nafar doimiy hamda
18 ming nafar aholi mavsumiy ish bilan ta'minlanadi.
Bundan tashqari, shahardagi mavjud qayta ishlash korxonalaridan samarali foydalanish va yangilarini tashkil etish bo'yicha olib borilayotgan ishlar ham e'tiborga molik. Shu kunlarda jami 5 ta, bir yilda 16140 tonna meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega korxonalar mavjud. Bugungi kunda ular tomonidan jami 107 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi va bu ko'rsatkich jami ishlab chiqarishning 15 foizini tashkil etadi.
Jumladan, 2019 yil dastur bo'yicha yangi – “Silver group agro invest” fermer xo'jaligi tomonidan oylik quvvati 500 tonna bo'lgan meva-sabzavot mahsulotlari quritish liniyasi tashkil etildi. Buning hisobiga qayta ishlash darajasi 17 martaga ortadi. Etishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini sifatli saqlash maksadida, hozirgi kunda jami 12 ta muzlatkichli omborxonalar barpo etilib, jami 3500 tonna meva-sabzavotlar saqlash imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, “Agro servis Aziya” MChJ 300 tonna va “Ekspress terminal savdo” MChJ tomonidan 1200 tonna mahsulotlar etishtirilib, ushbu omborxonalarda mahsulot saqlash umumiy quvvati 5000 tonnaga etkazildi. Bu boradagi keng ko'lamli ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Shahrimizda, shuning bilan birga, etishtirilgan mahsulotlarni eksport qilish va uning davomiyligini ta'minlash maqsadida zamonaviy issiqxonalar tashkil etishga ham alohida e'tibor qaratilgan. Jumladan, shaharda jami 11 ta issiqxonalar mavjud bo'lib, ularning maydoni
20 gektarni tashkil etadi. Joriy yilda “Agro Service Asia” MChJ tomonidan umumiy maydoni 12,0 gektarni tashkil etgan va sabzavot mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashgan “Net Xaus” usulidagi issiqxona faoliyati ham yo'lga qo'yildi. Eksport hajmini oshirish barobarida sohaga yangi investorlarni jalb qilish masalasi doimiy diqqat-e'tiborimizdadir. Buni birgina armanistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Frutofiya” MChJ shaklidagi qo'shma korxona faoliyatida ham ko'rish mumkin. Ushbu jamiyat meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hamda o'rik va uzumni qayta ishlash bo'yicha faoliyat olib boradi.
Shahrimiz eksport salohiyatini oshirish va eksportyor korxonalarni qo'llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratilayotganligini endilikda barcha fermer xo'jaliklari rahbarlari va tadbirkorlar yaxshi tushunib etishmoqda. Taxlillar shundan dalolat beradiki, 2017 yil davomida jami 4 million 59 ming dollarlik, o'tgan 2018 yilda 6 million 898 ming dollarlik eksport amalga oshirilgan bo'lsa, joriy 2019 yilning o'tgan davrida 10 million 748 ming dollarlik mahsulot chetga sotildi. Bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan taqqoslaganda 3 million 850 ming dollarlik ko'p mahsulot eksport qilinganidan dalolat beradi. Shuningdek, birgina o'tgan yili 10 ta tadbirkorlik sub'ektlari eksport bilan shug'ullangan bo'lsa, bu yil ularning soni 34 nafarga etdi.
Kelgusidagi rejalarimiz ham katta. Masalan, "Quvasoy fortuna" xususiy korxona tomonidan 800 ming dollarlik mineral o'g'it mahsuloti, “Moderna chemical Science Technology" MChJ shaklidagi qo'shma korxona tomonidan 1 million dollarlik fritta va glazur mahsulotlari hamda boshqa sanoat yo'nalishidagi eksportyorlar tomonidan 200 ming dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshiriladi.
Qishloq xo'jalik yo'nalishida “Ferghana agro world” MChJ tomonidan 900 ming dollarlik va “Manzana” MChJ tomonidan 500 ming dollarlik, shuningdek, boshqa yangi eksportyorlarni jalb qilgan holda 250 ming dollarlik, jami 3 million 850 ming dollarlik mahsulotlar eksportga yo'naltiriladi.
Shaharda 3 ta – “Agro servis Aziya” MChJ, “Arsif chorvasi” MChJ va “Quvasoy Nodirjon” fermer xo'jaliklari negizida meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etish belgilab olindi va ushbu rejalashtirilgan klasterlar tashkil etish uchun kerakli er maydonlari shahar zaxirasi hisobidagi er maydonlaridan ajratib beriladi. Ushbu klasterlar tashkil etish uchun zarur bo'lgan kredit mablag'larini olish bo'yicha garov ta'minotlari hal etildi. Mazkur klasterlar faoliyati, avvalo, yangi ish o'rinlari yaratish va aholi bandligini ta'minlash hamda mahsulot eksporti salmog'ining o'sishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Ma'lumki, moliyaviy ko'maksiz, iqtisodiy jihatdan qo'llab-quvvatlashlarsiz kichik biznes va tadbirkorlik sohasini rivojlantirib bo'lmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, bugungi kunda shahrimizdagi 3 ta tijorat banklari va 2 ta mini-bank faoliyat yuritmoqda. Joriy 2019 yil yanvar-oktyabr oylarida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash maqsadida shahardagi tijorat banklarining barcha moliyalashtirish manbalaridan jami 80,6 milliard so'm kredit mablag'lari ajratildi.
Muhtaram Prezidentimiz aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning biznes g'oyalarini qo'llab-quvvatlagan holda “Har bir loyiha shaxsiy nazoratimiz ostida bo'ladi. Loyihani ishlab chiqishdan, to uni amalga oshirishgacha bo'lgan barcha jarayonda bevosita ko'mak berish birinchi galdagi vazifamizdir. Bir narsani anglashimiz kerak: Sizning loyihangiz-shahrimizning ertangi kelajagi va aholimiz farovonligining kafolatidir. Siz tufayli shaharda ishsizlik qisqaradi, daromadlar oshadi, oilalarimiz, ayollarimiz va farzandlarimiz turmushidan minnatdor bo'lib, o'z yurtida halovat topadi”.
Tadbirkorlar duch keladigan muammolardan biri ularga er-mulk ajratish bilan bog'liq. Muammo echimi yo'lida qo'yilgan dastlabki qadamlardan biri shuki, shahrimizda bo'sh er uchastkalari elektron auktsion savdoga chiqarilmoqda. Shu yilning o'zida shahar hokimligi tomonidan 2019 yilning o'tgan davri mobaynida 23 ta tadbirkorga
2,3 gektar er maydonlari auktsion savdoga chiqarildi. Shundan “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida 10 nafar yoshlarga 1,1 gektar hamda 8 ta tadbirkorga alohida bino-inshootlar ajratib berildi.
Joriy yilning 10 oyi mobaynida 11 ta loyiha amalga oshirildi va ularga jami 84 milliard 708 million so'm miqdoridagi mablag' evaziga 481 ta yangi ish o'rni yaratildi.
Bundan tashqari, shaharda 94 ta bo'sh turgan bino-inshootlarning
19 tasini ishga tushirish hisobiga 337 ta ish o'rni yaratilishi hisobiga byudjetga qo'shimcha ravishdagi 168,8 million so'm miqdorida mablag' tushirildi.
Kichik biznes sub'ektlarini o'tgan yilga nisbatan kamida
2 baravarga oshirish bo'yicha Quvasoy shahrida 2019 yil davomida jami 362 ta kichik biznes sub'ektlarini tashkil etish rejasi belgilangan bo'lib, noyabr-dekabr oylari uchun jami 112 ta yangi kichik biznes sub'ektlari tashkil etildi. Yil yakuniga qadar yangi kichik biznes sub'eklari sonini 365 taga etkazish rejalashtirilgan.
O'zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg'armasi Quvasoy shahar filiali tomonidan 2019 yilning manzilli dasturiga asosan, jami 14 530.0 millard so'mlik 35 ta yoshlar loyihalari tasdiqlanib, 2019 yilning yanvar – avgust oylari davomida “Nurtex Fergana” MChJ ga 590.0 million, “Quvasoy Mirzohid Madadkor” MChJga 300.0 million, “Sa'dixonovlar” OG'K ga 200.0 million so'm miqdoridagi imtiyozli kredit ajratilishi hisobiga jami 48 nafar yoshlar bandligi ta'minlandi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil
27 noyabrdagi 962-sonli qaroriga asosan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida bo'sh turgan bino va er maydonlari to'g'ridan-to'g'ri ajratilib kelinmoqda.
2018 yilda “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi asosida 8 nafar yoshlarga “Yoshlar mehnat guzari” va 1 nafar yosh tadbirkorga “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi tashkil etish uchun 1.60 gektar bo'sh er maydonlari ajratildi.
2019 yilning 9 oyi davomida 12 nafar jami 21 nafar yoshlar shahar hududidan 1.43 gektar, jami 3.3 gektar bo'sh er maydoni ajratildi va hozirgi kunda 3 ta “Yoshlar mehnat guzari” ishga tushirildi.
Sentyabr oyida o'tkazilgan monitoring natijalari shuni ko'rsatadiki, 2019 yil yakuniga qadar 1 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi va 1 ta “Yoshlar mehnat guzari” o'z faoliyatini boshlaydi.
Yuqorida keltirilganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2019 yil 6-7 may kunlari Farg'ona viloyatiga tashrifi chog'ida Quvasoy shahrida Namunali “Yoshlar sanoat zonasi” tashkil etish bo'yicha topshiriq berilgan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta'minlash va “Yoshlar sanoat zonasi” hududidan tadbirkorlikni boshlash maqsadida bo'sh er maydoni so'rab murojaat qilgan 7 nafar yoshlar murojaatlari tegishli tashkilotlar bilan o'rganilmoqda. Bundan tashqari, shahardagi yosh tadbirkorlarga er maydonlari ajratish bo'yicha targ'ibot tadbirlari ham olib borilmoqda.
Jumladan, shahardagi ta'lim muassasalarida 23 marta, korxona va tashkilotlarda 12 bor, mahalla fuqarolar yig'inlarida 18 marta davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etildi. Natijada kelgusida tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagida bo'lgan 1107 nafar yoshlar aniqlandi.
“Yoshlar – kelajagimiz” jamg'armasi Quvasoy shahar filiali tomonidan “Tadbirkorlar va yoshlar” mavzusida yirik ishlab chiqarish korxonalari va sanoat zonalariga yoshlarning “Biznes tashriflari” tashkil etildi. Bu kabi “Biznes sayohat”lar 6 marotaba, ishlab chiqarish korxonalariga 17 marotaba, tadbirkorlik subektlariga bo'lib o'tdi. Tashkil etilgan ushbu “Biznes sayohatlar” davomida 460 nafar yoshlar ishtiroki va 12 nafar yoshlar bandligi ta'minlandi.
Kelayotgan 2020 yilga rejalarimiz yanada katta. Har bir hududni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiramiz.
Shu o'rinda men xalqimiz bunyodkor deb ardoqlaydigan qadrli quruvchilarga murojaat qilmoqchiman. Shu kunga qadar shaharda 5 ta
5 qavatli uylar qurib bitkazildi. Yana yil yakuniga qadar 10 ta 4 qavatli 6 ta 2 sotixli uylar qurib beriladi.
Tadbirkorga davlat va huquq nazorat idoralari ilgari qanday ko'z bilan qaragani sir emas. Bunday munosabat ma'lum muddat odamlarda tadbirkorlikka qiziqishni susaytirdi. Ammo endi hech qachon bunday bo'lmaydi. Tadbirkorlikka ortiqcha aralashuvlarning oldini olish, davlat organlari bilan munosabatlar tekshirish emas, balki tadbirkorlikka faqat va faqat yordamlashish nuqtai nazaridan ko'riladi. Har bir tadbirkorning mulki dahlsiz, hech bir tadbirkordan turli sabablarni vaj qilib, asossiz ravishda uning mulki tortib olinmasligi yoki buzilmasligi kafolatlanadi.
Tadbirkorni o'z ishidan qoldirib majlisbozlik qilishga butunlay chek qo'yiladi.
Tan olish kerak. Ba'zida tadbirkorga uning ixtiyoriga qaramay homiylik qilish kabi vazifalar noo'rin ravishda yuklangan. Quvasoy shahar hokimligi nomidan shuni alohida ta'kidlaymanki, bunday holatga hech qachon yo'l qo'yilmaydi. Tadbirkor mulki va mablag'ini o'z inson ixtiyori bilan tasarruf etadi. Biron bir idora uni faoliyatiga aralashmaydi, uning amaliy-moliyaviy holatini noqonuniy tekshirishlariga batamom chek qo'yiladi.
Hurmatli tadbirkorlar va ishbilarmonlar!
Mamlakatimizda mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab iqtisodiyotimiz lokomativi bo'lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ushbu soha vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ular safini kengaytirishga davlat siyosati darajasida e'tibor berib kelinmoqda. Shu kunlarda esa bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko'tarildi,- desam, aslo mubolag'a bo'lmaydi.
Shundan kelib chiqib, Siz aziz hamshaharlarimdan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlar safidan munosib o'rin olishga chaqiraman. Ayniqsa, ertangi kunimiz davomchilari bo'lgan yoshlardan umidimiz katta. Yuz-ko'zlaridan shijoat va g'ayrat jo'shib turgan yoshlarimiz o'zlarining tadbirkorlik faoliyati bilan mamlakatimiz, xususan, shahrimiz iqtisodiy qudratini yanada yuksaltirishga, bu bilan xalqimizning to'kin va farovon hayot kechirishiga ulkan hissa qo'shadilar,- deb ishonaman.
Xulosa shuki, davlatimiz rahbarining oqilona siyosatini qo'llab-quvvatlagan holda, biz – Quvasoy shahar hokimi va barcha sektorlar rahbarlari Siz tadbirkorlarni har jihatdan qo'llab-quvvatlaymiz. Sizlarning faoliyatingizga hech qanday sun'iy to'siq va g'ovlar bo'lmasligi, hududdagi barcha korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari yaqindan ko'makdosh bo'lishga, har kungi ish vaqtimizning yarmidan ko'pini sizlarning faoliyatingiz bilan bog'lashga harakat qilaveramiz. Butun kuch, bor bilim va tajribangizni tadbirkorlikni rivojlantirishga sarflang! Biron bir muammo, taklif tug'ilganida mening va barcha o'rinbosarlarimning eshigi Siz uchun hamisha ochiq, telefon orqali ham murojaat qilishingiz mumkin.
Quvasoyni yangi O'zbekistonning eng rivojlangan hududiga aylantirish yo'lidan birgalikda boraylik!