“AK PAMUK”DAN 99 XIL RANG
2024-05-28 12:56:53 1051
O’zbekistonda paxtani qayta ishlovchi ip yigiruv korxonalari bisyor. Sirasini aytganda, shunday quvvatlar yaratildiki, endi yurtimizdagi ip yigiruv korxonalariga o’zimizda yetishtirilgan paxta xom-ashyosi yetmay qolmoqda. Bu qo’shimcha qiymat solig’iga egalikning birinchi bosqichidagi chuqurlashuvdir.
Turfa xil matolar to’qib chiqarish uchun turfa xil rangda ip bo’lishi kerak. Bu soha o’ziga xos murakkab jarayonni o’z ichiga oladi. Ammo mahsuloti hamisha xaridorgir. Masalan, Quvasoy sanoat zonasida joylashgan va faoliyat ko’rsatayotgan “Ak pamuk” mas'uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxona bo’lib, unda yigirilgan ip yuzga yaqin rangda bo’yaladi va qayta o’raladi. Yo’q, biz adashmadik, ipga yuz xil tusdagi ranglar beriladi.
Korxona mutaxassislarining ta'kidlashicha, masalan mening ko’ylagimda uch xil qora rang ishlatilgan emish. Holbuki, biz “qora” deganda bir xil rangni tushunar edik. Ammo bu yerda qopqora, to’q qora, och qora, ko’k qora kabi jami 27 turdagi qora rangli iplar ishlab chiqarilmoqda.
Turkiya matolarini rang-barangligi va mayinligi uchun yoqtiramiz. Lekin, uning bir qismi Farg’onaning Quvasoyidagi korxonasida ishlab chiqarilayotgan iplardan to’qiladi.
–Korxonamizda 110 dan ziyod ishchi-xizmatchilar bor. Ular atrof qishloqlarning yoshlari, vaqtincha ishsiz ayollardir, - deydi “Ak pamuk” mas'uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Ibrohimjon Roziqov. –Hozir yana yangi tsexlar qurish jarayoni ketmoqda. Ular bitgach korxona quvvati 250 tonna ip bo’yashga yetadi. Qo’shimcha yuzga yaqin ish o’rni yaratiladi.
–Kunda 15-16 tonnagacha bo’yalgan ip chiqaradigan yangi qurilayotgan korxonaga YEvropaning eng zamonaviy, yuz foiz avtomatlashgan texnologiyasi o’rnatiladi, - deydi “Ak pamuk” MChJ ijrochi direktori Serkan Uzler.
Korxonadagi bo’yoqlar, ularga qo’shiladigan kimyoviy birikmalar hozircha xorijdan keltirilmoqda. Ammo vaqtlar kelar, ular ham shu yerda ishlab chiqariladi.
Yuqori sifatli rangli iplar asta YEvropa bozoriga ham yo’l topyapti.
–Bo’yalgan iplarni Rossiya, Turkiya, Qozog’iston, Ukrainaga eksport qilyapmiz, - deydi Ibroximjon Roziqov.
–O’zbekiston xorijiy investorga eng qulay mamlakatdir. Har kun, kunora nima muammoingiz bor, deya mahalliy hokimlar, davlat idorasi rahbarlari kelib xabar oladilar. Shundan bizda xech qanday muammo yo’q, - deydi Serkan Uzler.
To’qimachilik Turkiyada rivoj topdi va bugun Osiyo mamlakatlari qatorida O’zbekistonni keng qamrab oldi. Buning etnik sabablari ham bor ekan.
“Ak pamuk” ijrochi direktori Serkan Uzler faxr bilan shunday dedi:
–Dadamning dadasining otalari O’zbekistondan Turkiyaga kelganlar. O’zbekiston mening ota tuprog’im. Men O’zbekistonni sevaman!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram