VILOYATIMIZDA OMMAVIY SPORTNI RIVOJLANTIRISH BO’YICHA KELGUSIDAGI REJALAR BELGILAB OLINDI
2024-02-10 19:33:59 878
Bugun Quvasoy shahrida aholi, ayniqsa, yoshlar o’rtasida ommaviy sport musobaqalarini tizimli tashkil etish orqali sog’lom turmush tarzini keng targ’ib qilish, ularni ommaviy sportga jalb etishni yangi bosqichga olib chiqish masalalarida Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qarorlar va berilgan topshiriqlar ijrosining viloyatimiz shahar va tumanlaridagi holati tahliliga hamda amalga oshirish lozim bo’lgan ishlar muhokamasiga bag’ishlangan viloyat amaliy seminari bo’lib o’tdi.
Seminarda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, viloyat va shahar-tuman hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosarlari, viloyatdagi sport maktablari direktorlari hamda sohaga mas'ul mutasaddilar ishtirok etdilar.
Seminar qatnashchilari dastlab, Quvasoy shahridagi sport majmuasida voleybol bo’yicha sport klublari o’rtasida o’tkazilgan Viloyat kubogi final bosqichi o’yinlarini tomosha qildilar. Sport maktablari qoshida tashkil etilgan sport klublari o’rtasida o’tkazilayotgan voleybol bellashuvining final bosqichiga start berildi. Qariyb uch oy davom etgan qiziqarli bahslar viloyatning eng chekka hudud yoshlari orasidan yangi mahorat egalarini kashf etgani musobaqa jarayonida yaqqol ko’zga tashlandi. Yakuniy natijalarga ko’ra, Quvasoy shahrining “Humo” jamoasi g’oliblikni qo’lga kiritdi. O’zbekiston hamda Farg’ona tumani jamoalari kuchli uchlikdan o’rin olishdi. G’olib va sovrindorlarga viloyat hokimligining diplom, medallari va sovg’alari topshirildi.
Tadbirda so’z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov shahar va tumanlarda o’tgan 2023 yil davomida jamoaviy sport turlari bo’yicha tashkil etilgan klublarning faoliyatiga to’xtalib, bu borada erishilgan yutuqlar va yo’l qo’yilgan kamchiliklar yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirdi.
Prezidentimiz farmon va qarorlarining hayotga izchil tatbiq etilishi aholining sport bilan muntazam shug’ullanish darajasini oshirib, viloyatimizda sog’lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilishi ta'kidlandi, bu boradagi say'-harakatlar kutilgan natijani berishiga ishonch bildirildi.
Sport majmuasida viloyat sport boshqarmasi boshlig’i Nodirbek Hakimov tomonidan viloyatimizda jamoaviy va boshqa sport turlarini ommalashtirish, sog’lom turmush targ’ibotini kuchaytirish maqsadida yoshlarni sport klublari, sektsiyalar va to’garaklarga jalb etish bo’yicha joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan rejalar xususida taqdimot ham o’tkazildi.
Shundan so’ng seminar ishtirokchilari shahardagi “Tsementchi” o’yingohida bo’lib, O’zbekiston PFL 1-ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan “Tsementchi” futbol klubi faoliyati bilan tanishdilar.
Futbol klubi a'zolari bilan suhbatlashgan viloyat hokimi, yosh futbolchilarni kelgusida katta marralar kutib turgani, ular orasidan O’zbekiston dovrug’ini dunyoga tanitadigan yulduzlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi. Yosh sportchilarni rag’batlantirish, ularni qo’llab-quvvatlash maqsadida sport formalari, anjomlari sovg’a qilindi.
Shu joyning o’zida viloyatimizdagi ommaviy sportni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o’rtasida sport musobaqalarini tizimli tashkil etish, joylarda sportni ommalashtirish orqali sog’lom turmush tarzini keng targ’ib qilish borasida 2023 yil davomida qilingan ishlar va 2024 yilda oldinda turgan vazifalar muhokama qilindi.
Sportni ommalashtirish bo’yicha keng ko’lamli ishlar yo’lga qo’yilmagan hududlar tanqid qilindi, yoshlarni sportga jalb qilish bo’yicha yetarlicha ish tashkil qilmagan shahar va tumanlar hokimlari o’rinbosarlari, sport maktablari direktorlari ogohlantirildi.
Mas'ullarga Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qarorlar va berilgan topshiriqlar ijrosini o’z vaqtida sifatli bajarish, mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish, hududlardagi ta'lim muassasalaridagi sport inshootlari hamda bo’sh turgan ob'ektlarda sport sektsiyalarini ochish, barcha sport turlari bo’yicha tuman va shaharlar miqyosida sport musobaqalari sonini keskin ko’paytirish, joylarda tashkil etilayotgan xususiy sport klublari faoliyatiga ko’maklashish, iqtidorli yosh sportchilarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash kabi qator yo’nalishlarda aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Berilgan topshiriqlar ijrosi har chorakda muhokama qilinishi hamda ish samaradorligini oshirmagan mas'ullarga intizomiy choralar ko’rilishi ma'lum qilindi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari Quvasoy shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabda ham bo’lib, o’quv jarayonlari, yoshlarni ommaviy sport turlariga jalb qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ta'lim maskani hududiga ko’chat ekish marosimida ishtirok etdilar. Shahardagi 1-sonli sport maktabi faoliyati ham ko’zdan kechirildi.
Bugungi kunda bu yerda 830 nafardan ziyod yoshlar muntazam sport bilan shug’ullanib kelmoqda. Maskanda 10 ta olimpiya, 2 ta milliy va 3 ta noolimpiya, jami 15 ta sport turi bo’yicha muntazam shug’ullanish imkoniyati mavjud. 30 nafar murabbiylar faoliyat olib bormoqda.
Maktab qoshida “Isfayram” futbol klubi tashkil etilgan bo’lib, unda 50 nafardan ziyod yoshlar qamrab olingan. Sport maktabida bolalar va yoshlarning maktabdan tashqari sport ta'limi tizimini yanada takomillashtirish, sport zaxirasi va yuksak mahoratli sportchilarni tayyorlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram