QUVASOY SHAHAR MAHALLA FAOLLARI, NURONIYLAR, ZIYOLILAR, XOTIN-QIZLAR VA YOSHLAR VAKILLARINING SHAHRIMIZ AHOLISIGA
2023-10-18 15:21:50 791
MUROJAATI
Aziz quvasoyliklar!
Muhtaram Prezidentimizning alohida e'tiborlari hamda tashabbuslari bilan mamlakatimiz shahar va qishloqlarini ko’kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda.
“Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak” degan g’oyani ilgari surgan Davlatimiz rahbari, tabiatga e'tibor berishni, bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o’ylab ish olib borishni, yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalashni ta'kidlab kelmoqdalar.
Ikki yil avval yurtimizda boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ham ana shu ezgu maqsadlar yo’lidagi say'-harakatlarimizning katta bo’lagidir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11 oktyabrda o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida ham mazkur masala bo’yicha bir qator muhim takliflar bildirib, ustuvor vazifalarni belgilab berdilar. Jumladan, 25 oktyabrdan 1 dekabrga qadar yurtimizda “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e'lon qilindi.
Joriy yilning bahor mavsumida “Yashil makon” loyihasi doirasida shahrimizda jami 523 ming tupdan ziyod daraxt va buta ko’chatlari ekilgan bo’lsa, kuz mavsumida 323 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta ko’chatlari ekish belgilangan.
Azaldan tuproqni, suvni, tabiatni muqaddas deb bilgan, bir tup daraxt kessa o’n tup ekkan xalqimiz nomidan barcha quvasoyliklarni “Yangi O’zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan olijanob g’oyani qo’llab-quvvatlashga, bu umummilliy harakatning natijasini har bir mahallada ko’rsatib, havas bilan bu savobli ishda ishtirok etishga chaqiramiz. Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, fidoyilik bilan harakat qilsak, eng avvalo Prezidentimiz boshlagan ezgu tashabbusni shahrimizda Respublikamiz qolaversa, viloyatimiz hududlari orasida eng namunali qilib bajaramiz, yurtimizning ekologik tozaligiga, yashilligiga o’zimizning munosib hissamizni qo’shamiz.
Bunda barcha darajadagi rahbarlarni, mahalla faollarini, jamoat arboblarini, nuroniylarni, san'atkor va sportchilarni, jurnalist va blogerlarni alohida o’rnak ko’rsatishga chorlab qolamiz.
Qadrli mahalla faollari, ko’chaboshi va uyboshilar!
Ayni vaqtda, ayrim mahallalarda, ko’cha va guzarlarda bo’sh turgan, daraxt ekilmagan joylar ham ko’p. Endigi vazifamiz ushbu joylarni bog’-rog’larga aylantirishda mahalla ahlining hamjihatligini kuchaytirish, hudud obodligi va aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarni kengaytirishdan iboratdir. Buning uchun har bir mahallada “mahalla bog’lari”ni yaratishimiz, yashil hududlarni ko’paytirishimiz, shaxsiy namuna sifatida dastlab o’z xonadonimiz va ko’chamizni obod qilishimiz, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o’z hissamizni qo’shishimiz zarur.
Ekilgan har bir niholni parvarishlash va saqlashda mahalla faollari, boshqaruv-servis kompaniyalari jonbozlik ko’rsatishi lozim. Buning uchun “mahalla yettiligi”, ko’chaboshi va uyboshilar hamda xonadon egalarini mas'ul sifatida biriktirish maqsadga muvofiqdir.
Muhtaram nuroniylar!
Sizlarning hayotiy tajribangiz, duo va tilaklaringiz xalqimiz uchun hamisha katta tayanch va suyanch bo’lib kelmoqda.
Shahrimizdagi 10 ming 628 nafar nuroniylardan mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda, aholi tomonidan ko’chatlarni namunali ekishni tashkillashtirishda yanada faollik va tashabbus kutib qolamiz. Sizlarning shaxsiy namunangiz, pandu nasihat, tavsiya va ko’rsatmalaringiz barchamiz uchun muhim.
Nuroniylarimizning har biri 1 tupdan ko’chat eksa, 10 ming
628 tup yangi daraxt paydo bo’ladi. Yoki har biri o’z yoniga farzand-nabiralarini jalb qilsa, bu raqam bir necha barobarga oshadi.
Hurmatli dehqon va fermerlar, tomorqa yer egalari!
YErga mehr berish, uning har bir qarichidan unumli foydalanish, ko’chat ekib, bog’ yaratishda sizlarning ulushingiz katta.
Bu savobli ishlarni davom ettirish uchun har bir xonadon egasi o’z tomorqasiga, mahalla guzari va ko’chasiga 10 tupdan ko’chat eksa, shahrimiz bo’ylab o’rtacha 1 milliondan ziyod daraxt bunyod bo’ladi.
Fermerlarimiz “Bir dala – bir mahsulot” tamoyili asosida o’z hududiga tut, tok, terak va boshqa ko’chatlarni eksa, har bir qarich yerimiz bog’-rog’larga aylanadi.
Qadrli ziyolilar, fan, adabiyot, san'at namoyandalari va sportchilar!
Jonajon Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo’shadigan tashabbuslarni qo’llab-quvvatlashda sizlarning faol ishtirokingiz muhimdir.
Siz kabi el tanigan ijod ahliga, ziyolilar hamda sport yulduzlariga Quvasoy yoshlari o’zgacha havas bilan qaraydi.
Shunday ekan, shahrimizda amalga oshirilayotgan kuzgi daraxt ekish mavsumida sizlardan yangi-yangi tashabbuslar, amaliy harakatlar hamda shaxsiy namuna kutib qolamiz!
Mo’'tabar onalar, aziz opa-singillar!
Xonadonimiz, mahallamiz fayzu tarovati siz bilan go’zaldir!
Tabiat ham ona kabi muqaddasdir! Ona va tabiat tushunchalari bir-biriga hamohangdir. Onani qanday e'zozlasak, tabiatni ham shunday qadrlashni farzandlarimiz ongu shuuriga chuqur singdiraylik!
Toki, zurriyodlarimiz ota-bobolarimiz singari bog’u bo’stonlar yaratuvchisi, ona tabiat himoyachisi bo’lsin! Shundagina tabiatni asl holidek saqlab, uni kelajak avlodga bezavol yetkazishga erishamiz.
Ayni vaqtda, “Onalar – yashil makon uchun” g’oyasining an'anaga aylanib borayotgani, mahallalarda “Onalar bog’i” tashkil etilayotgani quvonarlidir. Bu ishlarda mahallalardagi “Oqila ayollar” harakatining ham munosib o’rni bor. Galdagi vazifamiz – ushbu xayrli tadbirlarni xalqimiz orasida keng yoyishdan iborat.
Aziz yoshlar!
Sizlar Yangi O’zbekistonning bunyodkor kuchisiz! Xalqimiz ko’zlayotgan yuksak marralarga erishishda aql-zakovatingiz, g’ayrat-shijoatingiz, ona Vatanga bo’lgan sadoqatingiz beqiyosdir.
Ona zaminimizga mehr bering! Nurli kelajak uchun bugundan boshlab o’z xonadoningiz, ko’changiz, mahallangizda niholingizni eking, hududda “Yoshlar bog’i”ni tashkil etishda tashabbus ko’rsating!
Aslo unutmang, siz O’zbekiston farzandisiz, sizning hissangiz
– bu ota-onangiz, mahallangiz, Quvasoyimiz va butun xalqimizning farovonligi uchun xizmat qiladi.
Qadrli quvasoyliklar!
Daraxt ekish va uni parvarishlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida qabul qilaylik!
Har birimiz kelajak avlod oldidagi burchimizni chuqur his qilgan holda, “Yashil makon” loyihasini umumxalq milliy harakatiga aylantiraylik!
Toki, bizdan farzandlarimizga obod, yashillikka burkangan go’zal Vatan meros qolsin!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram