REFERENDUM XUSUSIDA
2023-03-27 18:33:43 324
Referendum bu fuqarolarning davlat, viloyat va mahalliy ko’lamda eng muhim masalalar bo’yicha ovoz berish yo’li orqali o’z fikrlarini bevosita bayon etishidir. Ya'ni umuxalq ovoz berish yo’li bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalari hal qilish shakli.
Xalq hokimiyatchiligining muhim vositasi bo’lgan refrendumning saylovlardan asosiy farqi shunda-ki, referendum o’tkazilayotganda biron-bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar ro’yxati uchun ovoz berilmaydi, balki unda muayyan masala – qonun, qonun loyihasi, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatishlarga oid savol qo’yiladi. Referendum natijalari faqat ko’pchilik ovozi bilan aniqlanadi.
Referendumlar butun davlat hududida o’tkaziladigan umummilliy referendumlar va alohida federatsiya sub'ektlari yoki ma'muriy hududiy birliklarda o’tkaziladigan mahalliy referendumlarga bo’linadi.
Birinchi holatda yangi konstitutsiya loyihasi yoki konstitutsiyaga qilinadigan o’zgartirish va tuzatishlar bo’yicha referendum o’tkazilsa, ikkinchi holatda qonun loyihasi yoki kuchga kirgan qonun bo’yicha referendum o’tkaziladi.
Referendum bevosita demokratiyaning muhim instituti bo’lib, umumdavlat hamda har bir fuqaro uchun muhim bo’lgan qarorlarning qabul qilinishida jamiyatning qatnashishini ta'minlaydi. Referendumning o’tkazish jarayonida qoida va shartlari har bir konstitutsiyasiva qonunchiligi bilan belgilanadi.
Bugungi kunda O’zbekiston Respublikasida bo’lishi kutilayotgan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri yuzasidan o’tkazilishi kutilayotgan referendum yuqorida ko’rsatilgan referendum turlarini birinchisiga taalluqli bo’lib, butun respublika hududida o’tkaziladi.
Referendum o’tkazish tartibi va qoidalari «O’zbekiston Respublikasining referendumi to’g’risida”gi qonuniga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish haqidagi 265-II-sonli qonunida aniq beligilanib, tartibga solib qo’yilgan.
Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining referendumi O’zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasidir. Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo’ladi. Agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, referendumda qabul qilingan qarorlar faqat referendum yo’li bilan bekor qilinishi yoki o’zgartirilishi mumkin.
Oliy majlis Qonunchilik Palatasining 2023 yil 10 mart kungi yalpi majlisida deputatlardan 132 nafari Konstitutsiyaning yangi tahriri to’g’risidagi qonunni qo’llab-quvvatlanib, umumxalq muhokamasiga qo’yilishi belgilandi.
Konstitutsiyaning yangi tahrirga asosan, O’zbekiston konstitutsiyasidagi moddalar soni hozirgi 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilyapti. 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o’zgarishlar kiritilmoqda. Umuman olganda, konstitutsiya 65 foizga o’zgartirilyapti.
O’zgarishlar qatoridan prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish, senatorlar sonini 100 nafardan 65 nafarga tushirish, O’zbekistonni ijtimoiy davlat deb e'lon qilish, mahalliy kengashlar va hokimlarning vakolatlarini bir-biridan ajratish kabilar o’rin olgan.
Loyihada O’zbekiston “huquqiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlanmoqda. Mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolatlar o’z ifodasini topmoqda.
Bu barchaning qonun oldida tengligini va qonundan xech kim ustun emasligini ta'minlash, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilish, umuman olganda davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi uchun mustahkam poydevor bo’ladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o’zgartirish, ya'ni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo’yishni maqsad qilgan.
Xususan, unda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda va shu munosabat bilan inson huquqlari kafolatlari jiddiy ravishda kuchaytirilmoqda.
Loyihaga asosan insonning sha'ni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo’lishi mumkin emas. Insonnning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi hamda qonunlar, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilab beradi.
Fuqaro va davlat organlari o’rtasidagi noaniqliklar fuqaro foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta'sir choralari maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo’lishi kerakligi belgilanmoqda. Bu normalar huquqni qo’llash faoliyatida inson manfaatlari ustuvor bo’lishini amalda ta'minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, har bir inson o’z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga egaligi, qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi, O’zbekiston fuqarosi mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Jinoyat protsessida inson huquqlari kafolati eng ilg’or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi hamda shaxsni ushlab turish chog’ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi belgilanmoqda.
Ushbu huquqiy kafolatlar inson huquqlarini muhofazasini kuchaytirish sohasidagi ishlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi hamda ularni davlat organlarining suiste'molliklaridan ishonchli himoya qiladi, shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo’l qo’ymaslikni kafolatlaydi.
D.Maxamatov Farg’ona viloyat ma'muriy sudining raisi
O.Abdusattorov Farg’ona viloyat ma'muriy sudi sudya katta yordamchisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram