RASMIY MUNOSABAT
2022-10-05 10:59:27 245
Ijtimoiy tarmoqlarda Quvasoy shahri xokimi Zafarjon To’raqulovga tegishliligi aytilayotgan “Baliqchi oila tayanchi” kredit savdo tashkiloti ish boshqaruvchisi tomonidan fuqaro Bobomirzayeva Mohidil nomiga soxta hujjatlar bilan 18 million so’m kredit rasmiylashtirib hozirgi kunda Bobomirzayevaning plastik kartasidan kredit qarzdorligini so’ndirish uchun pul yechib olinayotgani iddao etilgan videomaterial tarqatildi.
Quvasoy shahar hokimligi matbuot xizmati ushbu asossiz material yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi:
Avvalo, Quvasoy shahri hokimi Zafarjon To’raqulovning “Baliqchi oila tayanchi” MChJ kredit savdo tashkiloti bilan huquqiy jihatdan hech qanday bog’liqligi yoki aloqadorligi mavjud emasligi bildiriladi. Zafarjon To’raqulov avval ATB "Universalbank" boshqaruvi raisi bo’lib ishlagani hamda “Baliqchi oila tayanchi” MChJ hisobi ushbu bankda bo’lgani sababli masalani uning nomi bilan bog’lashga urinilgani qayd etiladi.
Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi fuqaro Bobomirzayeva Mohidil Ne'matovna Baliqchi tuman IIBga yozma murojaat qilib, “Baliqchi oila tayanchi” MChJ kredit savdo tashkiloti ish boshqaruvchisi Nuraliyev Asrorbek Husanovich uning nomiga o’zining ishtirokisiz moliyaviy iste'mol krediti rasmiylashtirgani uchun chora ko’rishni so’ragan.
Asrorbek Nuraliyev avval Mohidil Bobomirzayevaning yaqin tanishi bo’lgan va shu davrda uning imzosini taqlid qilib kreditni rasmiylashtirilgani aniqlangan. Joriy yil 27 sentyabrda o’tkazilgan sud-xatshunoslik ekspertizasining xulosasiga ko’ra, imzo Asrorbek Nuraliyev tomonidan bajarilgani tasdiqlangan. Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati Baliqchi tumani IIB tomonidan O’zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi 1- va 3-qismlari bilan jinoyat ishi qo’zg’atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda Asrorbek Nuraliyev ustidan yozilgan o’z arizasini qaytarib olishga urinayotgan, hamda shu bilan birga kredit qarzdorligini so’ndirishni istamayotgan Mohidil Bobomirzayeva masalani boshqacha talqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqattirish orqali moliyaviy majburiyatini bajarmaslikka urinayotgani yaqqol ko’rinib turibdi.
Ijtimoiy tarmoqlar kanallari administratorlari hamda blogerlardan axborot tarqatishda va olingan faktlarni e'lon qilishda ularning to’g’riligini tekshirib ko’rish, shaxs haqida uni obro’sizlantirish maqsadida o’z asosini topmagan axborot tarqatganlik uchun ham qonunchilikda javobgarlik belgilanganligini unutmaslik so’raladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram