“ERTA TURMUSH KELTIRAR TASHVISH, ERTA TUG’RIQNI OLDINI OLISH, YAQIN QARINDOSHLAR O’RTASIDA NIKOHNING SALBIY OQIBATLARI” MAVZUSIDA SEMINAR BO’LIB O’TDI.
2022-08-06 12:50:34 245
Shari'at qonunlariga ko’ra qon-qarindoshlar o’rtasidagi nikoh taqiqlanganligiga qaramasdan, ko’pchilik aholi o’rtasida bu holat davom etib kelmoqda.
Joriy yilning 4 avgust kuni Quvasoy shahar Tibbiyot birlashmasi majlislar zalida birlashmaning akusher-genekologlari, doyalar, oilaviy patronajlar, homilador ayollar o’rtasida “Erta turmush keltirar tashvish, Erta tug’riqni oldini olish, yaqin qarindoshlar o’rtasida nikohning salbiy oqibatlari” mavzusida seminar bo’lib o’tdi.
Seminarda Quvasoy shahar hokimi o’rinbosari Oila va xotin-qizlar bo’limi boshlig’i Nigora Ubaydullayeva, shahar Tibbiyot birlashmasi genekologiya bo’limi akusher - genekologi “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bo’yicha boshliq movuni Diloromxon Masharipova, “Aholi reproduktiv salomatlik” markazi akusher - genekologi Muhayyo Abdumannopova, mazkur markaz hamshirasi Nargiza Abdullayevalar qatnashib, seminarni olib bordilar.
Farg’ona viloyati “Aholi reproduktiv salomatlik” markazi akusher genekologi Muhayyo Abdumannopova hamda Quvasoy shahar Tibbiyot birlashmasi genekologiya bo’limi akusher genekologi Diloromxon Masharipovalar viloyatimiz aholisi salomatligiga salbiy ta'sir ko’rsatayotgan irsiy omillar - sharqona milliy an'analarimizdan biri bo’lgan qon - qarindoshlar o’rtasidagi nikohlarga to’xtalib o’tdilar. Yurtimizdagi nikohlarning 20 foizidan ko’prog’i yaqin qon - qarindoshlar o’rtasidagi nikohlarga to’g’ri keladi. Nosog’lom farzand tug’ilish xavfi qon-qarindoshlik etti avlodga borib begonalashadi, deydi. Irsiyat – ota-onaning o’ziga xos belgilarini navbatdagi avlodga berish xususiyatidir.
Inson salomatligi ko’p jihatdan uning genotipi bilan belgilanadi. Genotip deganda inson organizmidagi bir-biri bilan o’zaro murakkab munosabatda bo’lgan genlarning yig’indisiga aytiladi.
Irsiy kasalliklar irsiy axborotlarni nasldan-naslga tashuvchi genlarning o’zgarishlari natijasida yuzaga keladi. Shunday ekan qarindoshlar o’rtasidagi nikohlarda ota-onalar ko’rinishidan sog’lom bo’lib ko’rinishi mumkin, biroq ularning farzandlari tug’ma irsiy kasallik bilan tug’ilishi xavfi yuqori bo’ladi.
Chaqaloqlarning kasallik bilan tug’ilayotganligi, bolalarning o’lik tug’ilayotganligi, ayollar va erkaklarning bepushtligi, 1 yoshgacha bo’lgan bolalar o’rtasidagi o’limning bir qismi irsiy omillar bilan bog’liqdir.
Orqizib kutilgan farzandning tug’ma nuqson bilan dunyoga kelishi, ota-ona uchun katta fojiadir. Irsiy kasalliklarni davolash g’oyat murakkab bo’lgani bois, ular oila uchun ham, jamiyat uchun ham “og’ir yuk” hisoblanadi.
Oilalarda irsiy kasalliklar bilan kasallangan bolalar tug’ilishi ehtimolini baholash, irsiy kasalliklarning homiladorlik davrida tashhislash, qon-qarindoshlar o’rtasidagi nikohlarga yo’l qo’ymaslik maqsadida Respublikamizda, shu jumladan viloyatlarda Qizlar maslahatxonasi, Ayollar maslahatxonasi, “Skrining markaz”lari tashkil qilinib, ayni damda faoliyat ko’rsatib kelayotganligi haqida ta'kidlab o’tdilar.
Quvasoy shahar hokimi o’rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo’limi boshlig’i Nigora Ubaydullayeva o’z so’zida shahrimizda bugungi kunda reja bo’yicha hamkorlik asosida har bir mahalla hududida ayol-qizlar o’rtasida reproduktiv salomatlik bo’yicha targ’ibot-tashviqot ishlari olib borilayotganligi va unda qarindoshlar o’rtasidagi nikohlar, bepushtlik, erta turmush oqibatida nuqsonli tug’ruq yoki bo’lmasa homila tushishi, homila nobud bo’lishi, oxir-oqibat onada stress paydo bo’lishiga, shuningdek, organizmga virus tushishi oqibatida bachadon bo’yni saraton (rak) paydo bo’lishi kabi shunga o’xshash holatlar yuzaga kelayotganligini haqida gapirib, kelgusida bu borada chuqurlashtirilgan targ’ibot ishlari yanada kuchaytirilishiga alohida e'tibor qaratilishini aytdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram