“LASHKAR” MAHALLASIDA YANGI KUTUBXONA FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI; TIKUVCHILIK TO‘GARAGI, MAKTABGA TAYYORLOV GURUHI OCHILDI
2024-05-21 15:53:27 1091
Bugun Quvasoy shahridagi “Lashkar” MFY da joylashgan 12 - umumta’lim maktabida yangi kutubxonani foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining maslahatchisi Sohibjamol Tongotarova, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Ma’sudjon Sulaymonov, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshlig‘ining o‘rinbosari Dilafruz Qosimova, shahar hokimligi mutasaddilari va jamoatchilik vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.
So‘z olganlar Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutgan kitobxonlik, mutolaa masalasiga jiddiy e’tibor ko‘rsatilayotgani haqida aytib o‘tdilar. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan besh muhim tashabbusning to‘rtinchisi kitobxonlik ekani, bu davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Shu ma’noda xalq deputatlari Quvasoy shahar Kengashi deputati Azamjon Qosimov tashabbusi va mablag‘i evaziga amalga oshirilgan bu xayrli ish mahalladagi kitobsevarlar uchun ayni muddao bo‘ldi, - deyishdi tadbir ishtirokchilari.
Iqtidorli maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan qo‘shiq va raqslar yig‘ilganlarga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Shundan so‘ng mehmonlar ishtirokida binoning ramziy kaliti o‘z egalariga topshirildi. Tadbir ishtirokchilari bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
Qariyb 2000 donaga yaqin kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxona bilan bir qatorda, binoda o‘quvchilarga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida tikuvchilik to‘garagi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ayni kunda 30 nafar bolajonlarni qamrab olgan maktabga tayyorlov guruhi (olti yoshdan yetti yoshgacha) tashkil etilgani chekka hududlarda ham yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasi uchun ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir namunasi bo‘ldi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram