AFV ETISH - INSONPARVARLIK AKTI
2021-09-22 13:48:32 328
Afv etish mahkumni jazodan to’liq yoki qisman ozod etadigan yoki sud tomonidan tayinlangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradigan yoxud sudlanganlikni olib tashlaydigan insonparvarlik akti hisoblanadi.
Afv etish muayyan mahkumga nisbatan individual tartibda amalga oshiriladi hamda uni oqlaydigan va u tomonidan jinoyat sodir etganlik faktini bartaraf qiladigan holat hisoblanmaydi.
Afv etish O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Farmon qabul qilish orqali amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi PF-5439-sonli Farmoni bilan O’zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi belgilangan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti o’z ixtiyoriga ko’ra istalgan mahkumni yoki jazoni o’tab bo’lgan shaxsni afv etishi mumkin.
Afv etish O’zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga nisbatan qo’llaniladi.
Afv etish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
asosiy va ijro etilmagan qo’shimcha jazodan to’liq yoki qisman ozod qilish;
jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish;
umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini yoki jazoning o’talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish;
sudlanganlikni olib tashlash.
Afv etish to’g’risidagi iltimosnomalarni dastlabki tarzda ko’rib chiqish O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organi hisoblangan Komissiya tomonidan amalga oshiriladi va uning tarkibi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Islohotlarni huquqiy ta'minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatining Fuqarolik, afv etish va siyosiy boshpana berish masalalari bo’yicha sho’'basi Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
Komissiya tarkibiga O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, shuningdek, O’zbekiston Yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo’mitasi, Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha respublika kengashi hamda “Nuroniy” jamg’armasi vakillari kiritiladi.
Komissiya tarkibiga O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, shuningdek, boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda boshqa shaxslar ham kiritilishi mumkin.
Afv etish to’g’risidagi iltimosnoma mahkum yoki jazoni o’tab bo’lgan shaxs, shuningdek, qonun hujjatlari bilan afv etish to’g’risida iltimosnoma qo’zg’atish huquqi berilgan shaxs (organ)lar tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yozma shaklda beriladi.
Agar iltimosnoma qonun hujjatlari bilan afv etish to’g’risida iltimosnoma qo’zg’atish huquqi berilgan shaxs (organ) tomonidan berilgan bo’lsa, mahkumning yozma roziligi olinishi shart. Bunday holatda afv etish to’g’risidagi iltimosnoma vakolatli organlarga mahkumning roziligini olish, tegishli materiallarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun yuboriladi. Afv etish to’g’risidagi iltimosnoma mahkumning yozma roziligi va qonun talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan boshqa materiallar bilan birga Sho’'baga yuboriladi.
Afv etish to’g’risidagi iltimosnoma sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan keyin quyidagi muddatlarda berilishi mumkin:
a) umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazoning yigirma besh yilini haqiqatda o’tab bo’lganidan keyin, agar jazoni o’tash davrida mahkum qat'iy tuzalish yo’liga o’tgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va o’qishga nisbatan vijdonan munosabatda bo’layotgan, tarbiyaviy tadbirlar o’tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning yigirma yilini haqiqatda o’tab bo’lganidan keyin;
b) uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazo muddatining yigirma yilini haqiqatda o’tab bo’lganidan keyin, agar jazoni o’tash davrida mahkum qat'iy tuzalish yo’liga o’tgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va o’qishga nisbatan vijdonan munosabatda bo’layotgan, tarbiyaviy tadbirlar o’tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning o’n besh yilini haqiqatda o’tab bo’lganidan keyin;
v) boshqa jazoga hukm etilgan shaxs tomonidan o’talgan (ijro etilgan) jazo muddati (hajmi)dan qat'i nazar, “g” bandda ko’rsatilgan shaxslar bundan mustasno;
g) ilgari amnistiya akti asosida jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan, shartli hukm qilingan, muddatidan ilgari shartli ravishda, amnistiya akti va afv etish asosida jazodan ozod qilingan, shuningdek, o’ziga nisbatan yengilroq jazo bilan almashtirish qo’llanilgan hamda yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxs, xuddi shuningdek, o’ta xavfli retsidivist tomonidan u tayinlangan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini haqiqatda o’tab bo’lganidan keyin, “a” va “b” bandlarda ko’rsatilgan shaxslar bundan mustasno.
Afv etish to’g’risidagi iltimosnoma Sho’'baga:
a) jazoni ijro etish muassasasining ma'muriyati yoki hukmni ijro etuvchi boshqa organ orqali;
b) sudlanganlikni olib tashlash bo’yicha afv etish to’g’risidagi iltimosnoma berilgan hollarda mustaqil ravishda yuboriladi.
Tegishli organlar afv etish to’g’risidagi iltimosnomani olgan kundan boshlab o’n kun davomida:
afv etish to’g’risidagi iltimosnomani kelib tushgan materiallar bilan birga o’rganadi va har bir mahkum bo’yicha mazkur organlar rahbarlarining o’rinbosarlari tomonidan tasdiqlanadigan umumlashtirilgan ma'lumotnoma-jadval tayyorlaydi;
iltimosnomani umumlashtirilgan ma'lumotnoma-jadval va boshqa materiallar bilan birga Sho’'baga yuboradi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmati bir oy davomida Sho’'baga mazkur organlar rahbarlari o’rinbosarlari tomonidan tasdiqlanadigan mahkumni afv etish mumkinligi masalasi yuzasidan xulosa taqdim etadi. Xulosada mahkumning shaxsi va sodir etilgan jinoyatning holatlari to’g’risidagi ma'lumotlar, shuningdek, mahkumga nisbatan qabul qilingan sud qarorlarining mazmuni ko’rsatiladi.
Afv etish to’g’risidagi iltimosnoma va tayyorlangan tegishli materiallar Sho’'ba tomonidan Komissiya majlisida ko’rib chiqish uchun kiritiladi.
Afv etish to’g’risidagi iltimosnomani Komissiya tomonidan ko’rib chiqish muddati iltimosnoma kelib tushgan kundan boshlab uch oydan oshmasligi lozim.
Afv etish to’g’risidagi iltimosnomani ko’rib chiqishda Komissiya tomonidan quyidagilar e'tiborga olinadi:
a) sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi;
b) jazoni o’tash yoki ijro etish vaqtida mahkumning xulq-atvori (tuzalishi);
v) o’talgan (ijro etilgan) jazo muddati (hajmi);
g) mahkumga nisbatan muqaddam amnistiya akti, afv etish qo’llanilganligi yoki jazodan muddatidan ilgari shartli ozod etilganligi, jazoning yengilroq jazo bilan almashtirilganligi;
d) jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning qoplanganligi;
ye) mahkumning shaxsi, sog’lig’i holati, sudlanganligi, oilaviy ahvoli va yoshi;
j) O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmatining xulosalari;
z) Komissiya iltimosnomani ko’rib chiqish uchun muhim deb hisoblagan boshqa holatlar.
Afv etish to’g’risidagi iltimosnoma ijobiy ko’rib chiqilganda, Komissiya O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga taklif kiritadi.
Jinoyat ishlari bo’yicha
Farg’ona tuman sudining raisi Xoliqov Xudoberdi Komilovich
Jinoyat ishlari bo’yicha
Farg’ona tuman sudining
sud'ya yordamchisi Yo’ldoshaliyev Shohbozjon Raxmatjon o’g’li
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram