«БАЙРОҒИМИЗ – ФАРХУ-ҒУРУРИМИЗ»
2019-11-19 11:28:50 229
Har bir mamlakatning o‘ziga xos ramzlari bo‘ladi. Ulardan biri davlat bayrog‘idir. Shu jihatdan olib qaraganda, O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i ham har bir o‘zbekistonlik qalbiga milliy iftixor tuyg‘usini olib kirgan muqaddas tug‘dir.
Aytish joizki, 1991-yilning 18-noyabr kuni qabul qilingan milliy bayrog‘imiz endilikda bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar sahnida osmonlarga bo‘ylashib, mardonavor hilpirab turibdi. Davlatimiz bayrog‘iga boqar ekansiz, unda avvalo, milliy o‘zligimizni, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni, o‘zaro jipslik va hamjihatlikni, vujudimizda jo‘sh urayotgan hayotiylikni, porloq kelajagimizdan darak berib turuvchi ezgu jihatlarni ilg‘ash mumkin.
Quvasoy shahridagi 11-sonli Bolalar musiqa va san‘at maktabida davlatimiz bayrog‘ining 28 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Shahardagi barcha korxona, tashkilot, muassasa va idoralarning rahbarlari va mas‘ul xodimlari ishtirok etgan bayram tadbirida ham yuqoridagi jihatlar tilga olindi.
Respublika Ma‘naviyat targ‘ibot markazi shahar bo‘limi rahbari N.Nazirov, shahar Adliya bo‘limi vakili H.Inomov, mehnat faxriysi T.O‘rinboevlar so‘zga chiqishib, davlat bayrog‘imizning qabul qilinish jarayonlari, unda jo bo‘lgan mazmun-mohiyatlar haqida ma‘ruza qilishdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi shahar Kengashi faollari, sportchi yoshlar ishtirokida shaharning markaziy ko‘chalari bo‘ylab bayroq aksiyasi o‘tkazildi.
Kechga qadar davom etgan bayram tadbiriga bir guruh taniqli san‘atkorlar va badiiy jamoalarning chiqishlari yanada ko‘tarinkilik, shodlik bag‘ishladi.
Quvasoy shahar hokimligi Axborot xizmati.