QULUPNАYGA ONAJONIM BAHO BERSIN: QUVASOYLIK RO‘ZIVOY MAMAJONOV RESPUBLIKAMIZDAGI ENG ILG‘OR QULUPNAY YETISHTIRUVCHILARDAN BIRIGA AYLANMOQDA
2024-05-07 12:45:43 377
Ro‘zivoy Mamajonov o‘zi yetishtirayotgan eng sarxil qulupnaylarni keksa onasiga ilinadi, mazasiga onajonim baho bersin, deydi.
Quvasoy shahridagi Bog‘bon mahalla fuqarolar yig‘ini Qoziqo‘rg‘on qishlog‘ida qulupnaychilikni yo‘lga qo‘ygan bu qahramonimiz bugun ko‘pchilikka yaxshi tanish.
Ijara asosida yer olib, 1 gektar maydonda Yevropa tajribasi asosida qulupnay yetishtirmoqda.
Hududda mahalliy iqlimga mos tushgan kleri, qora shahzoda, albion, alba, sandra, malga kabi 10 dan ziyod dunyoda eng yaxshi hisoblangan Yevropa navlari parvarishlanmoqda.
Yillik daromadini 200 mln so‘mdan ziyod deb aytgan mirishkior ko‘plab ishsiz fuqarolarni ham mavsumda ish bilan ta’minlamoqda.
Ro‘zivoy Mamajonov qo‘li ochiq insonlardan va xayru-sahovatni yaxshi ko‘radi. Qiynalgan oilalarga bepul qulupnay ko‘chatlarini tarqatib, ularga yaqindan yordam berib kelmoqda. Shuningdek, Klubmalina_uz nomli ijtimoiy tarmoqlar orqali esa o‘z bilganlarini va tajribalarini qiziquvchilar bilan o‘rtoqlashadi.
Yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan xaridorlar Ro‘zivoy Mamajonov yetishtirayotgan ko‘chatlardan olib ketib, o‘z hududlarida qulupnaychilikni rivojlantirishmoqda.
E’tiborlisi, qulupnay yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ortiqcha suv isrof bo‘lishining oldi olingan.
“Biroq, suv taqchilligi bilan bog‘liq muammo hamon saqlanib qolmoqda. Mutasaddilar ushbu masalaga yechim topishlarini qayd etishgan. Bu masala hal etilsa, yana 3 gektar maydonga qulupnay ekaman”,- deydi Ro‘zivoy Mamajonov.
Бизни ижтимоий тармоқларда кузатинг
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram